DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15201402
Zenodo community: https://zenodo.org/records/15201402
Nordic_press journal: https://research.nordicuniversity.org/index.php/nordic/article/view/2342
TAQRIZ:
Zamonaviy o‘zbek va nemis she’riyatida qish obrazining poetik talqini: ramziy ma’nolar va falsafiy mushohadalar maqolasi o‘zbek va nemis adabiyotlarida qish obrazining qanday tasvirlanishini, uning ramziy ma’nosi va poetik talqinini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Maqolada qish faslini o‘ziga xos tarzda tasvirlashda o‘zbek va nemis shoirlarining ijodiy uslublaridagi farqlar va o‘xshashliklar chuqur tahlil etiladi. Adiba Dovudovna Ma’diyeva maqolada o‘zbek shoirlari Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova va nemis shoirlari Anya Kampmann, Jan Vagner, Nora Gomringer, Monika Rink asarlarida qishning poetik talqini va ramziy ma’nolarini o‘ziga xos tarzda ko‘rsatib o‘tadi.
Maqola, asosan, qishning ikki adabiy maktabda qanday tasvirlanganiga diqqatni jamlaydi. O‘zbek she’riyatida qish fasli ko‘pincha inson ruhiyatidagi sabr, bardosh, yangilanish va sinovlarni ramziy tarzda tasvirlaydi. Masalan, Sirojiddin Sayyidning "oq dasturxon" va "qismat yana ne o‘yinlar ko‘rsatgaydir?" kabi misralari qishning musaffoligi va kutilmagan sinovlar bilan boyligini yoritadi. Iqbol Mirzo va Zebo Mirzo esa qishning sokinligi va ichki tahlilni ifodalash orqali o‘zining poetik tasvirini yaratadilar. Xosiyat Rustamovaning qish obrazi esa sovuq va hukmron kuch sifatida ko‘rsatiladi.
Nemis she’riyatida esa qish ko‘proq falsafiy mushohada va ruhiy anglash jarayoni sifatida talqin etiladi. Anya Kampmannning qish tasviridagi abadiylik va tarixning izlari, Yan Vagnerning qishni o‘z-o‘zini anglash pallasiga bog‘lash, Nora Gomringerning qishning vizual go‘zalligini va Monika Rinkning hissiy ziddiyatlarini ifodalash orqali qish obrazining chuqur falsafiy ma’nolari ochiladi.
Adiba Dovudovna Ma’diyeva maqolasida har ikkala adabiyotda qish obrazining o‘tkinchilik va chuqur mushohada fasli sifatida tasvirlangani, lekin ularning turli ramziy ma’nolari va badiiy tasvirlari orqali inson ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani tahlil etiladi. Maqola o‘zbek va nemis she’riyatida qish obrazining umumiy va farqli talqinlarini mukammal o‘rganib, she’riyatdagi murakkab va boy poetik uslublarni ochib beradi.
Shu bilan birga, maqolada tahlil etilgan she’riyat namunalarining ramziy va falsafiy yondashuvlar, shoirlarning badiiy mahoratining yuqori darajada ekanligini ko‘rsatadi. Maqola o‘zbek va nemis adabiyotini solishtirishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yirik ilmiy tadqiqotning asosini tashkil etadi va qish faslini poetik tarzda talqin qilishdagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa: Ushbu maqola o‘zbek va nemis she’riyatidagi qish obrazining ramziy va poetik talqinlarini o‘rganish bo‘yicha o‘zining ilmiy va badiiy ahamiyatiga ega. Muallif she’rlarni chuqur tahlil qilish orqali qishning inson ruhiyatiga, vaqt va tabiatga bog‘liq jihatlarini samarali tarzda ochib beradi. Maqola adabiyotshunoslikda yangi yondashuvlarni taqdim etib, o‘zbek va nemis she’riyatini taqqoslashda qish obrazining falsafiy va poetik talqinlari haqida keng tasavvur beradi.